Devonxona: (69) 234-14-30

Qabulxona: (69) 234-15-23  


“OIV asr vabosi – OITS umr zavoli”


2020-yil 12-fevral  kuni institutning Transport fakultetida OIV asr vabosi – OITS umr zavoli” mavzusida davra suhbati bo’lib o’tdi.
Tadbirda Namangan viloyati OITSga qarshi kurash markazi mutaxassislari Gulxumor Mamajanova, G’olibjon Jaloldinov va fakultetning yoshlar bilan ishlash o’yicha dekan o’rinbosari G’.Tuxliyev, “Umumtexnika fanlari" kafedrasi o’qituvchisi D.Inomiddinova va fakultet talabalari ishtirok etdilar.
Ushbu tadbirni o’tkazishdan asosiy maqsad, OIV va OITS umr zavoli ekanligini yoshlar ongiga singdirish, mutaxassislar tomonidan ishtirokchilarga ushbu viruslarga chalinishning oldini olish chora-tadbirlari bo’yicha maslahatlar berishdir.
Butun jahonda millionlab insonlarning umriga zomin bo’layotgan, ko’plab oilalarning tinchligini buzayotgan va shu bilan birgalikda dunyodagi davlatlar iqtisodiga katta zarar yetkazayotgan OIV infektsiyasi o’zining oqibatlari bilan insoniyatning eng dolzarb muammosi bo’lib qolmoqda. Yer yuzida ushbu kasallik bilan yashayotgan odamlar soni 34 millionni tashkil etadi. Bir kunda taxminan 7 ming 400 nafar odam bu kasallikni yuqtirib olmoqda. Kasallik turli yoshdagi aholi orasida, ayniqsa, navqiron 20-49 yoshlilar o’rtasida ko’plab qayd etilishi xatarlidir.
OIV infektsiyasi – odamning immunitet tansiqligi virusi keltirib chiqaradigan surunkali yuqumli kasallik hisoblanib, virus bemor odam organizmida butun hayoti davomida saqlanib qoladi. Infektsiya dastlab yashirin tarzda kechishi, bu davr bir necha oydan 5-10 yilgacha va undan ham ortiqroq davom etishi mumkin. Kasallikning yashirin davrida virusni yuqtirib olgan shaxslar ko’rinishidan sog’lom bo’lib, ularda kasallikning hech qanday belgilari kuzatilmaydi. Kasallikning shu davri ancha xavfli hisoblanib, infektsiyani yuqtirib olgan shaxslar o’zlari bilmagan holda kasallikni boshqalarga yuqtirib yurishlari mumkin.
 OIV infektsiyasida me’yorda ishlab turgan immun tizimi yillar davomida virusning tajovuzini bosib turadi. Ammo, virus organizmda ko’payib asta-sekin immun tizimini mutlaqo izdan chiqaradi va natijada OITS rivojlanadi. Orttirilgan immunitet tansiqligi sindromi (OITS) – odamning immun tizimini immunitet tansiqligi virusi shikastlashi natijasida kasallik belgilari kelib chiqadigan xastalikning so’nggi bosqichidir.
Bugungi kunga kelib xalqaro hamjamiyatda OIV kasalligi tarqalishiga qarshi kurash masalasida yondashuvlar ham keskin o’zgarmoqda. Bu jarayonda nafaqat davlat va uning tegishli organlari ishtirok etishi, balki keng jamoatchilikni jalb qilgan holda hamkorlikda harakat qilish samarali hisoblanadi. Respublikamizda OIV infektsiyasining tarqalib ketishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini amalga oshirish davlat miqyosida amalga oshirilmoqda va bunga barcha mutasaddi tashkilotlar jalb qilingan.

 Xastalikka qarshi kurashning yagona tizimini tashkil qilish, infeksiyaning oldini olish va aholini bu kasallikdan himoya qilish borasida o’tkazilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligi va sifatini oshirish maqsadga muvofiq bo’lar edi.
Tadbirda OIV infektsiyasining yuqishi yoki yuqmasligi aholining tibbiy madaniyati va savodxonligiga bog’liqligi, aholining savodxonlik darajasi nechog’liq yuqori bo’lsa, bu kasallikning yuqish ehtimoli ham shu qadar kamayishi, shu jihatdan aholi orasida huquqiy va tibbiy madaniyatni oshirib borish dolzarb vazifalardan biri ekanligi tahkidlab o’tildi.
Davra suhbatida mutaxassislar yoshlarga sog’lom turmush tarziga rioya etib, doimo sergak bo’lishimiz lozimligini alohida tahkidlashdi.
Tadbir so’ngida talabalarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob qaytarildi.