Devonxona: (69) 234-14-30

Qabulxona: (69) 234-15-23  


"O‘zbekona" - xorijliklarga ona tilimizni o‘rgatuvchi yangi darslik


Bugun davlat tilini rivojlantirishga, uning nufuzini oshirishga qaratilayotgan e'tibor, o‘zbek tilining dunyo minbarlarida yangrashi uchun qilinayotgan harakatlar o‘zbek tilini nafaqat ona tili, balki xorijiy til sifatida ham o‘qitish uchun amaliy ishlarni bajarishni taqozo etmoqda.
                     
Yangi “O‘zbekona” darsligi ham anchadan beri dolzarb va yechimini kutayotgan masala, ya'ni o‘zbek tilini xorijiy til sifatida o‘qitishni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan.
 
“O‘zbekona” darsligi xorijiy tilni egallashning umumevropa kompetensiyalari tizimiga asosan A1 darajani egallash imkonini beruvchi darslik bo‘lib, u 9 ta bo‘lim, 3 ta nazorat bloki, audiolar va qo‘shimcha materiallar kabi qismlardan iborat.
 
Ushbu darslik Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti doktoranti Gulruxsor Ergasheva hamda O‘zbek tili fakulteti talabalarining MO'TUL jamoasi tomonidan, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Saodat Adilova ilmiy rahbarligida yaratildi.
 
Kitobda shu paytgacha mavjud qo‘llanma va elektron resurslardan farqli ravishda mavzular tizimli va izchil yoritilgan, integrativ va kommunikativ metodlar uyg‘unlashtirilgan, vositachi tildan foydalanilmagan.
 
Bularning barchasi o‘rganuvchining til muhitiga tezroq kirib borishini ta'minlaydi. Shu bilan birga, mashqlarning variativligi ta'minlangan, “oddiydan murakkabga” metodik prinsipiga amal qilingan. Har bir sahifa, har bir mashqda milliylikni aks ettirishga harakat qilingan va umuminsoniy qadriyatlar singdirilgan.
 
Darslikda taklif etilayotgan audio materiallar sof autentik emas, balki o‘quv-autentik material hisoblanadi. Zero, A1 daraja uchun aynan shu turdagi autentik materialdan foydalanish maqsadga muvofiqdir.
 
Ushbu darslikda tilni nafaqat o‘qituvchi bilan balki, mustaqil o‘rganish uchun ham keng imkoniyatlar yaratilgan. Masalan, har bir bo‘lim mantiqiy ketma-ketlikda berilgan 5 qismdan iborat. O‘rganuvchi rasmlar orqali ham yangi mavzuni, mashq-topshiriqni bajarish yo‘lini tushuna oladi. Darslik so‘ngida sinov materiallari, audiolar, so‘zlashish uchun har bir mavzuga tegishli savollar hamda lug‘atning mavjudligi til o‘rganuvchiga ko‘plab qulayliklar yaratadi.
 
Kitob xorijiy til o‘qitishning o‘qib tushunish, tinglab tushunish, gapirish, yozish ko‘nikmalarini to‘laqonli qamrab olgan.
 
Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining rasmiy telegram kanaliga ulanish
https://t.me/joinchat/AAAAAEX5-Auoam-U-_mjXg