phone

Devonxona: (69) 234-14-30

Qabulxona: (69) 234-15-23

 (69) 234-14-30


KORRUPSIYA - tanazzul, oxiri berk ko‘cha, davosi yo‘q dard


nammqi.uz NamMQI Namangan muhandislik-qurilish instituti.  

Namangan muhandislik-qurilish instituti rektori Tex. fan. dok.prof Sh.Sh.Kenjaboyev

Xalqimizda: ” To‘qlikka-sho‘xlik”,-degan maqol bejiz aytilmagan. Odamzotning fe’li shundayki, qanchalik yuqori mavqega, baxtli, emin-erkin va farovon hayotga erishar ekan, asta-sekin quyushqonidan chiqa boshlaydi. Uning atrofdagilarga munosabati, nazari o‘zgaradi. Go‘yoki o‘tmishi yodida yo‘qdek, bosar-tusarini bilmay qoladi. Halol mehnat va peshona teri evaziga erishgan yutuqlari, topgan mavqei uning nafsi evaziga bir zumda yakson bo‘ladi. Ana o‘sha nafsning zamonaviy nomini “Korrupsiya” deb atayapmiz. To‘g‘ri korrupsiya dunyo illati. U bugun tug‘ilmadi. Inson paydo bo‘lganidan har xil ko‘rinishda odamlar orasida yashab kelmoqda. Unga nisbatan bir qator asoslar, tahlillar mavjud. Davrlar oralig‘ida o‘zgacha tusda bo‘lgan. Nazarimda biz eng avvalo, o‘zimiz oiladayoq, farzandlarimizni korrupsiyamonand qilib tarbiyalab qo‘ymayapmizmi deb o‘ylab qolaman. Masalan: jajji bolajonni o‘z tarbiya maskaniga yig‘lamay kirib ketishi uchun, maktabda “5” baho olishi uchun yana qandaydir uy yumushlarini vaqtida bajarganlikni turli shirinliklar, yoki qandaydir rag‘bat tariqasida pul, buyum va narsalar yoki qo‘shimcha ehtiyojlarini qondirishni ro‘kach qilib, va’da beramiz. Ikkinchi bor buyurgan ishimiz o‘z-o‘zidan garchi u farzandlik burchi va vazifasi bo‘lishiga qaramay, yana nimanidir ilinji tufayli paysalda qoladi. Oddiygina vazifa uchun siz va bizning qo‘limizga qaraydi. Xo‘sh endi bunga kim aybdor. Farzandiga qat’iy talab qo‘ya olmagan, ota-onami yoki har bir yumushda rag‘bat kutgan farzandmi. Bola boshidan deb bejiz aytilmagan. Demak bugun jamiyatimizning bu illati haqida gapirishdan avval biz o‘z farzandlarimizga burch, vazifa, huquq, mas’uliyat, sharqona, islomiy tarbiya va uning mazmun-mohiyatida mujassam halol va xarom tushunchalari, oqibat va oxirat, milliy qadriyatlar, ajdodlarimizga munosib bo‘lish, mehnat evaziga kun ko‘rish, yetti avlodni sha’ni tushunchalarini singdirib borishimiz kerak. Yoshlikdan eti seskanmay o‘z ota-onasidan rag‘bat evaziga (biz rag‘bat deb atayotgan holat-keyinchalik poraga aylanmasligiga, korrupsiyaning turli ko‘rinishlariga asos bo‘lmasligiga hech kim kafolat berolmaydi) ish ko‘rish bilan haqiqiy mehnat evaziga ko‘rsatiladigan rag‘batning bir-biridan farqi bo‘ladi. Korrupsiya – o‘zgalar haqqiga moyillik va hiyonatdir. Korrupsiyaning oqibatini bila turib, o‘zini ham o‘zgani ham tubanlikka yetaklovchilarni kimlar deyish mumkin. Pastkashlarmi, boshqalar hisobiga yashovchi kushandami. Zero, korrupsiya va uning ildiz otishida o‘z aybimizni vaqtida his qilishimiz va bu yomon illatlarimizga qorishib, “Sen menga tegma, men senga tegmayman,”- qabilida ish tutishimiz bois begunoh kimsalarning ko‘z yoshi to‘kiladi. Badali esa o‘ta qimmatga tushishi muqarrar. Goho ko‘rib turib, ko‘zimizni yumamiz. Oqibat esa barchaga ayon. Bu hol uchun kech bo‘lsa-da, o‘zimizda ayb borligini keyin anglaymiz. Mamlakatimiz rahbari muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev tomonidan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bu korrupiyaga qarshi kurash ekanligini ko‘plab ma’ruzalarida jamiyatimizdagi jirkin illatlar : poraxo‘rlik, mansab vazifalarini to‘g‘ri talqin qilmaslik, tanish-bilishchilik, qarindosh-urug‘chilik, soxtakorlik, firibgarlik, jamiyat mafaatidan o‘z manfaatini ustun qo‘yish, inson haq-huquqlarining poymol etilishi, qonunlarni mensimay qilinayotgan harakatlar keskin tanqid ostiga olinmoqda. Bir qator korrupsiyaga qarshi kurash chora-tadbirlari belgilanmoqda. Aybdorlar hamma vaqt qonun oldida jovob berishi ta’kidlanmoqda. Bugun har bir sohada jumladan, ta’lim sohasida ham tizimni korrupsiyasiz yo‘lga solish uchun harakat qilmoqdamiz. O‘qituvchi va talaba o‘rtasidagi munosabatni shakllantirishda korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik, har ikki tarafni qonun oldida bunday qabihlik uchun javob berajagi muqarrarligini tushuntirmoqdamiz. Bu borada rahbarning vazifasiga munosibligi, uning talabchanligi, maqsad va natijani to‘g‘ri baholay olishi, inson manfaati barcha narsadan ustunligini his qilishi muhim. Halol va to‘g‘ri yo‘ldan adashmaslik uchun mavjud qonunlar va ularning oldida javobgarlik hissi borligini unutmaslik kerak. Demak, KORRUPSIYA - tanazzul, oxiri berk ko‘cha, davosi yo‘q dard. Uning domiga ilinganlar o‘z kelajagini poymol qiladi. Umidli dunyoda umidsiz qoladi. Bilingki, qing‘ir ishnng qiyig‘i, qirq yildan keyin ham chiqadi. Kasbimizga, vazifamizga va albatta xalqimizga, munosib bo‘laylik.