phone

Devonxona: (69) 234-14-30

Qabulxona: (69) 234-15-23


O‘zbekistonda o‘qitib, Buyuk Britaniya diplomini berishni va’da qilayotgan tashkilotlar bo‘yicha axborot


Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi “BRITISH FOUNDATION TASHKENT”, “LONDON GRADUATE SCHOOL OF BUSINESS” va “INTERNATIONAL SCHOOL OF FINANCE AND TECHNOLOGY” ISFT tashkilotlari tomonidan berilgan diplomlarning O‘zbekistonda tan olinishi masalasiga oydinlik kiritdi.
 (https://t.me/uztdi/628)“BRITISH FOUNDATION TASHKENT” nodavlat ta’lim muassasasi (STIR 305849046) Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumani, Irrigator ko‘chasi, 3-uy manzilida “Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash” ta’lim turi bo‘yicha 2019 yil 16 mayda KMO 0345 raqamli litsenziya olgan bo‘lib, ushbu litsenziyaga ko‘ra, matematika, iqtisodiyot, biznes, ingliz tili ta’lim yo‘nalishlarida ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishi mumkin. Mazkur litsenziya oliy ta’lim turi bo‘yicha ta’lim xizmatlari ko‘rsatish huquqini bermaydi.
“LONDON GRADUATE SCHOOL OF BUSINESS” tashkiloti oliy ta’lim turi bo‘yicha ta’lim xizmatlari ko‘rsatish uchun Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasidan litsenziya olmagan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining “Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining ro‘yhati to‘g‘risida” 2001 yil 12 maydagi 222-II-son qaroriga muvofiq, nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi faoliyat litsenziyalanishi shart bo‘lgan faoliyat turi hisoblanib, har qanday ta’lim turi bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan ta’lim xizmatlarini litsenziyasiz ko‘rsatilishi noqonuniy hisoblanadi.
“INTERNATIONAL SCHOOL OF FINANCE AND TECHNOLOGY” ISFT nodavlat ta’lim muassasasiga Toshkent shahar, Uchtepa tumani, Chilonzor dahasi, 9a-mavze, 18a-uy, 13-xonadon manzilida “Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash” ta’lim turi bo‘yicha 2019 yil 16 mayda KMO 0256 raqamli litsenziya rasmiylashtirilgan. Ushbu litsenziyaga ko‘ra, muassasa boshlang‘ich buxgalteriya hisobi malaka oshirish kursi, fizika, kimyo, matematika, ona tili va adabiyot, rus tili, tarix, ACCA-xalqaro buxgalteriya hisobi va audit, IELTS, ingliz tili ta’lim yo‘nalishlarida ta’lim xizmatlari ko‘rsatishi mumkin.
Shuni yodda tutish muhimki, tegishli litsenziyaga ega bo‘lmagan yoki belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o‘tmagan ta’lim tashkilotlari tomonidan berilgan oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatlar nafaqat O‘zbekiston Respublikasida balki boshqa davlatlar tomonidan ham tan olinmaydi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy telegram kanaliga ulanish https://t.me/joinchat/AAAAAEX5-AudocFp7PIMcQ