Devonxona: (69) 234-14-30

Qabulxona: (69) 234-15-23  


Halollik – ikki dunyo saodati


Abu Abdulloh No‘mon ibn Bashir (roziyallohu nahu)dan rivoyat:
“Men Rasululloh (sallallohu alayhi va sallam)ning bunday deganlarini eshitdim”: “Darhaqiqat, halol narsalar aniqdir, harom narsalar ham aniqdir. Ikkisining o‘rtasida esa, shubhali narsalar ham borki, ko‘pchilik ularni bilmaydi. Kimki shunday shubhali narsalardan o‘zini ehtiyot qilsa, dinini ham, nomus-obro‘sini xam pokiza asrab qoladi. Buning misoli birovning qo‘rg‘oni atrofida suruvni o‘tlatib yurgan cho‘ponga o‘xshaydi. U qo‘ylarining bexosdan o‘sha qo‘rg‘onga kirib ketishidan omonda bo‘lgani singari, shubhali narsalardan o‘zini ehtiyot qilmagan kishi keyinchalik xaromga ham aralashib qoladi.
 Ogoh bo‘ling: Allohning qo‘rg‘oni Uning harom qilgan narsalaridir. Ogoh bo‘ling: jasadda bir parcha go‘sht borki, agar u sog‘lom bo‘lsa, butun jasad sog‘-salomat bo‘ladi. Agar u aynisa, jasadning qolgan qismi ham buziladi. Ogoh bo‘ling: u parcha go‘sht qalbdir
Izoh: narsalar uch qismga bo‘linadi: halolligi ochiq-oydin bo‘lgan narsalar, masalan, non yemoq, gapirmoq, yurmoq kabi; haromligi ochiq-oydin bo‘lgan narsalar, masalan, aroq ichish, zino qilish kabi; na halolligi va na haromligi aniq bo‘lgan shubhali narsalar. Ularning hukmini ko‘pchilik bilmaydi. Ulamolar esa, oyat-hadis hujjati bilan yoki qiyos orqali ularning hukmini aytadilar. Demak, biron narsaning halol yoki harom ekanida shubha tug‘ilsa va bu borada oyat, hadisdan va ijmodan dalil topilmasa, mujtahid olim shu mavzuda ijtihod qilishi va shar’iy dalil bilan o‘sha noaniq narsani halolga yoki haromga nisbatlab berishi lozim bo‘ladi.
Bu hadis mo‘min kishini halolga intilib, haromdan uzoqlashishga, shubhali narsalarni tark qilishga, dini va obro‘sini pok saqlashga, odamlarda yomon gumon uyg‘otishi mumkin bo‘lgan amallardan o‘zini yiroq tutishga va gunohlarga aralashib qolmaslikka undaydi. Shuningdek, ma’naviy quvvatlarni kuchaytirishga, nafsni isloh qilishga chaqiradi hamda harom ishlarga olib boradigan bahonalarning oldini olishga undaydi. Qalbning salomat bo‘lishi – hiyonat, adovat, xasad, xasislik, baxillik, kibr, o‘zgalar ustidan kulish, riyo, makr, xirs, ta’magirlik, taqdirdan norozi bo‘lish kabi ichki illatlardan salomat bo‘lish bilangina hosil bo‘ladi. 
Insonda halollik odam bolasi dunyoga kelgan kundan emas, balki, nikohdan boshlanadi, xomiladorlikda shakllanadi, dunyoga kelgach davom etadi.
Nikoh shartlarini bajarmay turmush  qurildimi, demak hallolik yo‘qoladi, ona xomiladorligida farzandga ota yoki ona tomonidan halol luqma edirilmadimi, demak bu uning vujudiga singadi.
Qarang, masala qanchalar murakkab va qanchalar jiddiy. Ko‘pchiligimiz duoda halol ne’matlaringni darig‘ tutmagin, xaromdan yiroq qilgin deyilishini bilsak-da, buning tub ma’nosi nimada ekanini o‘ylab ham ko‘rgamaganmiz.
Rivoyat qilishlaricha, ikki halol inson turmush qurishadi. Halol kun kechirib, halollikda barchaga o‘rnak bo‘lishadi. Ularning dunyoga kelgan farzandlari ham barcha fazilatlarga ega, odob-axloq va xulqda bekami ko‘st bo‘lib kamol topa boshlaydi. Halol luqma bilan ulg‘ayotgan farzand, noyob iste’dodga ega bo‘lib, insonlarning yuziga qaraboq kim halolu, kim nopokligini o‘qiy oladigan darajaga etadi. Besh yoshli bu bolakayning bunday qobiliyati uni boshqalardan ajralib qolishiga sabab bo‘layotgani, murg‘ak jonning qalbida kechayotgan ichki kurash uni ichidan kemirib, betob qilib borayotganini ko‘rgan ota, chiday olmay, echim topish maqsadida, donishmand oldiga boradi. Donishmand, bozorga borib, savdogardan 2 dona non olishini, rozi-rizolik so‘ramay olib kelib, farzandiga edirishini tavsiya etadi. Ota rozi-rizoliksiz non olib kelib, farzandiga yedirgach, bolada halol va xaromni ajratishdek, noyob qobiliyat yo‘qoladi.
Halol yashash qanchalik qiyin bo‘lsa, xarom yashash shunchalik osonday tuyuladi. Ammo qing‘ir ishning qiyig‘i chiqadi, deganlaridek, ba’zan odamlar bu dunyodagi barcha narsa hisob-kitobli ekanini unutib qo‘yishadi. Nopok ish hoxlaymizmi yo‘qmi hayotimizda og‘riqli iz qoldiradi, yo o‘zimizga, yo farzandlarimizga, yo molimiz, yo jonimizga ziyon etkazadi.
Halol va xarom tushunchasi nafaqat diniy, axloqiy-huquqiy normadir, u insoniylik va uning darajasini belgilab beruvchi mezondir. Agar halol so‘zining lug‘aviy ma’nosiga e’tibor qaratsak, “erkin”, “bog‘lanmagan” ma’nolarni anglatadi. Din nuqtai nazaridan esa, shariatda musulmonlar uchun ruxsat etilgan xatti-harakatlar, ishlar, toza va pok hisoblangan oziq-ovqat hamda buyumlardir. Qur’on va hadisga ko‘ra, suv, sut, non, meva va uning sharbatlari, poliz ekinlari, Allohning ismi aytib so‘yilgan halol hayvonlar (Qur’oni karimda xarom etilmagan hayvonlar) va halol qilingan taomlar, kiyishga ruxsat etilgan kiyimlar haloldir. Shu bilan birga halol mehnat qilib topilgan mulk, meros, hadya qilingan narsa, ikki tomon roziligi bilan bo‘lgan tijorat tufayli qo‘lga kiritilgan mablag‘ ham halol hisoblanadi. Ushbu jihatga qarshi bo‘lgan xatti-harakatlarni amalga oshirish, taqiqlangan luqmani eyish esa xaromga olib keladi. Shu sababli xarom so‘zining lug‘aviy ma’nosi ham “man qilingan”, “ta’qiqlangan” so‘zlaridan olingan bo‘lib, dinda shariatda musulmonlar uchun qat’iy ta’qiqlangan harakatlar qilish, man qilingan oziq-ovqatlar eyish, buyumlardan foydalanishdir.
Kundalik hayotimizda deyarli har kun, har soniyada halol va xarom o‘rtasida to‘qnashuvning guvohi bo‘lamiz.
Ba’zan, ayrim kimsalarning qilayotgan ishlari, jamiyatdagi illatlarni ko‘rib, xaromdan qo‘rqish nimaligi go‘yo yo‘qalib borayotganday tuyuladi. Jamiyatda sutxo‘rlik, poraxo‘rlik kabi illatlarning avj olishi esa ayrim toifa kimsalarning xarom luqmadan qo‘rqmasligi sababdir.
Aslida, barcha ezguliklarning, xayrli ishlarning boshi halollikdir. Halollikning o‘zi kabi do‘stlari ko‘p: yaxshilik, baraka, xotirjamlik, osoyishtalik... Ehtimol, dunyoni go‘zallikdan ham oldin halollik qutqarar... Ibrat ko‘zi bilan boqsangiz, halol insonning dili, yo‘li to‘g‘ri, darajasi ulug‘.
 “Halol bo‘lsang, yashay olmaysan” deguvchi ayrim kimsalarning ya’ni,  og‘ziga kuchi etmagan, bo‘yni mehnatga yor bermaydigan mahmadonalarning chala xulosasi ekanini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Halol luqma tomog‘ingizga tiqilmaydi, jig‘ildonni qaynatmaydi, uyqungizni qochirmaydi. Har narsaning haloli bo‘lsin, deb bejizga aytishmaydi-da.
Tan olish kerak, ko‘pchilikda halol bo‘lish juda qiyin, degan tushuncha bor. Shuning uchunmi, yashashning oson yo‘llarini qidiramiz. Yayrab qolgimiz keladi. “Boshqalar ham shunday yashayapti-ku”, deya o‘zimizni ovutganday bo‘lamiz.
“Halol!” Kurashda raqibining ikki elkasini hech qanday g‘irrom ishlatmasdan erga tekkazgan polvonlar uchun, aslida, eng oliy mukofot shu birgina so‘z. “Halol” - bellashayotgan mardning ori, nomusi, g‘ururi. Aslida, hayotning o‘zi kurash maydoni. Unda faqat mardlar bo‘lmasligi aniq. Lekin g‘irrom bilan yutganlar el oldida qanday obro‘ga ega bo‘lishi mumkin?
Nazarimizda, “harom” so‘ziga nisbatan munosabat o‘zgardi. Odamlar go‘yo uni “oddiylashtirib” yubordilar. “Ushlama, harom!”, “Harom qilibsan”, “Harom bo‘ladi” kabi gaplar bilan bolalarga tanbeh berish, ba’zi holatda hatto o‘z bolasini “Haromi” deb urishish oddiy holatga aylandi.
Yosh bola nazarida bu gaplar faqat tashqi jihatdan “notoza” bo‘lgan narsalarga nisbatan aytiladi. To‘g‘ri, bolaga bu haqda tushuncha berib, “harom”ga yaqinlashmaslikka o‘rgatib borgan yaxshi. Ammo “xarom faqat moddiy narsalarga nisbatangina ishlatilishi kerakmikan? Ma’naviy halollik-chi?
Halollik faqat bozordagi tarozi bilan o‘lchanmasligi rost. Amallaringizni qalb tarozisiga solib ko‘ring, qaysi palla ko‘proq tosh bosar ekan?
Halollik ustozlarga ham shu darajada yarashadiki...
Bolasining ko‘p asal yeyishidan tashvishga tushgan ota  uni tabibga olib boradi. Kichkintoyning bu odati haqida eshitgan hakim otaga uni davolatish uchun qirq kundan keyin kelishini tayinlaydi. Nihoyat, belgilangan kun kelib, ota yana o‘g‘li bilan tabibning huzuriga shoshadi. U esa kichkintoyning boshini silab: “O‘g‘lim, bundan keyin­asal yemang”, - deydi va otasiga ketishi mumkinligini, endi bola bunday qilmasligini aytadi. Hayron bo‘lganini yashira olmagan ota so‘raydi: “Shu gapni o‘sha biz kelgan birinchi kunning o‘zidayoq aytib qo‘ysangiz bo‘lardi-ku?”. Donishmand hakim esa jilmayib: “To‘g‘ri. Lekin o‘sha kuni o‘zim ham asal yegan edim. Shuning uchun bolaga aytgan nasihatim kor qilmasdi. Qirq kun asal yemadim. Endi bolangiz ham ko‘p asal yeyishini bas qiladi”, deydi.
Donishmand bolani davolashning bunday usulini aytib, otani ham lol qoldirgan edi.
Rivoyatdan xulosa shuki, biz, avvalo, o‘zimizni tarbiyalab, keyin bu haqda atrofdagilarga gapirganimiz ma’qul. Nega gaplarimiz bolalarga ta’sir qilmayapti? Nima uchun farzandlarimizga halollik, olijanoblik haqida aytganlarimiz ertakday tuyulayapti? Chunki o‘zimiz hozir ana shu asal yeb qo‘ygan tabib ahvolidamiz-da. Bolalarimiz faqat ko‘p asal eyish “kasal”ligigagina chalingan bo‘lsalar, qaniydi. Biz ham qirq kun asal emay turib nasihat qilsak bo‘lardi. Ammo o‘quvchilarga halollik haqida gapirishimiz uchun o‘zimiz ham ma’naviy tayyorgarlik ko‘rishimiz shart.

Bir kuni Abdurahmon ibn Avf mo‘minlarning xalifasi hazrat Umar (r.a) ning ziyoratiga keldi. Salom berdi-da, kutib turdi. Xalifa yonib turgan shamni o‘chirib, keyin boshqasini yoqdi.Bu ahvol mehmon diqqatini tortdi, u hazrat Umarga:

- Ey, Amiral-mo‘minin! Oldingizda sham yonib turardi, uni o‘chirdingiz. Yana unga o‘xshash boshqa shamni yoqdingiz. Buning bir hikmati bordir? - dedi. Amiral-mo‘minin hazrat Umar (r.a) tabassum bilan dedi:

- Yo Abdurahmon, o‘chirganim davlatning shami (molidir). Yoqqanim esa o‘zimning shaxsiy shamim, o‘z pulimga olganman. Davlat ishlarini qilganimda, davlatning shamini yoqaman. Hozir sen bilan suhbat qurib o‘tirganimda, davlat shamini yoqishim halollik bo‘lmaydi, shuning uchun uni o‘chirdim. O‘zimnikini yoqdim. Shunday qilmasam, Allohga qanday hisob beraman?

Ha hayotda halollik va xarom to‘g‘risida ko‘plab misollar bor, lekin ulardan, xulosa chiqarish uchun hamma xam birdek fikr yuritmaydi.

Shu sababli, avvalo har kim birinchi navbatda o‘zini, so‘ng atrofdagilarni tarbiya etmog‘i lozim.

Agar shunday qila olsakkina jamiyatdagi ko‘plab illatlarga barham bera olardik. Birov birovning dilini og‘ritmas, mulkiga, joniga va moliga xiyonat qilmasdi. Oddiygina bitadigan ishlar o‘rtasida ta’magirlik panja urmasdi.

Muhimi, hayotimizda ilm, ma’rifat, ularni ulashuvchi insonlar, jamiyatni tartibga soluvchi normalar, qonun va qoidalar, insoniy tushunchalar, qadriyat va an’analar bor.

Har birimiz yaxshilikni qalbimizga joy qilib, halollikni shior qilib yashar ekanmiz, biz ekkan nihollar bir kun kelib, o‘zining halol mevasini berishda davom etaveradi.

 

 

                                 U.Boyzaqova – Namangan muhandislik-qurilish instituti

       “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi o‘qituvchisi.