• Namangan city, Islam Karimov street, 12 house
  • +998 (69) 234-14-30

Namangan muhandislik-qurilish instituti ODOD-AHLOQ QOIDALARI

1-BOB. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Ushbu qoida bilan tartibga solinadigan munosabatlar.

Ushbu Qoida O‘zbekiston Respublikasi “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni, boshqa qonun va qonunosti hujjatlarga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, oliy ta’lim muassasasi pedagog va boshqa xodimlari, talabalari, doktorantlari (keyingi o‘rinlarda – xodim, talaba va doktorant) kasbiy odob-ahloqining tamoyillari, normalari, ta’lim jarayoni va xizmatdagi xulq-atvorining asosiy qoidalari bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soladi.

2-modda. Odob-ahloq qoidalarining maqsad va vazifalari.

Odob-ahloq qoidalarining maqsadlari:
xodim, talaba va doktorantlarda umumiy madaniyatni rivojlantirish;
institut xodim, talaba va doktorantlarining zamonaviy imidjini shakllantirish;

xodim, talaba va doktorantlarni institut va uning qadriyatlariga hurmat ruhida tarbiyalash;

ta’lim muassasasi odob-ahloqi tushunchasini takomillashtirish va institutda tashqi ko‘rinish va xulq-atvorga bo‘lgan talablarga oid yagona yondashuvni ishlab chiqishdan iboratdir.

Odob-ahloq qoidaning vazifalari quyidagilardan iborat:

huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, xodim talaba va doktorantlar orasida odob-ahloq qoidalarini buzish bilan bog‘liq bo‘lgan nomaqbul hatti-harakat, jumladan, zo‘ravonlik, shafqatsizlik va hayosizlikni targ‘ib va tashviq qilish, shuningdek, turli salbiy illatlar va milliy mentalitetimizga yot bo‘lgan g‘oya va qarashlar, ekstremizm, separatizm, fundamentalizm va “ommaviy madaniyat”ning ta’sir hamda xurujlaridan himoya qilish;

mazkur nomaqbul xatti-harakatlar sodir etilishining sabab va shart- sharoitlarini aniqlash va ularni bartaraf etish;

xodim, talaba va doktorantlarni yuksak huquqiy ong, O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi, qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlariga qat’iy rioya qilish ruhida tarbiyalash;

xodim, talaba va doktorantlarda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini doimo hurmat qilish va himoya qilish ko‘nikmasini shakllantirish va yuksaltirish;

xodim, talaba va doktorantlarda vatanparvarlik, yuksak ma’naviy-ahloqiy fazilatlarni shakllantirish va ularni milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash;

institutda sog‘lom ijtimoiy-psixologik muhitni shakllantirish va rivojlantirish; 4

institut xodim, talaba va doktorantlarida tashqi ko‘rinishga oid madaniyatni shakllantirish uchun sharoitlar yaratish;

institutning davlat va jamiyat hayotidagi hamda ta’lim tizimidagi nufuzi, obro‘-e’tiborini asrab-avaylash va yanada oshirish.

3-modda. Qoidaning amal qilish doirasi.

Ushbu Qoida institutning barcha xodim, talaba va doktorantlariga nisbatan tatbiq etiladi.

2-BOB. QOIDALARNING PRINSIPLARI
4-modda. Institut xodim, talaba va doktorantlari xulq-atvorining asosiy prinsiplari.

Mazkur Qoida qonuniylik, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi, vatanparvarlik, xizmat va o‘qish burchiga sodiqlik, adolat, halollik va holislik, samaradorlik va tejamkorlik prinsiplariga asoslanadi.

5-modda. Qonuniylik prinsipi.

Institut xodim, talaba va doktorantlari O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga so‘zsiz rioya qiladilar hamda o‘z xizmat va o‘qish majburiyatlarini lavozim yo‘riqnomalari, mehnat shartnomalari, ushbu Qoidalar, institut Ichki tartib qoidalari hamda ta’limga oid boshqa me’yoriy hujjatlarga muvofiq bajaradilar.

6-modda. Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi prinsipi.

Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari oliy ta’lim muassasasining oliy qadriyati bo‘lib hisoblanadi. Institut xodim, talaba va doktorantlari fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaydilar va bunday buzilishlar ro‘y bergan hollarda ularni tiklashga ko‘maklashadilar.

7-modda. Vatanparvarlik, xizmat va o‘qish burchiga sodiqlik prinsipi.

Institut xodim, talaba va doktorantlari o‘z o‘qish va xizmat faoliyatlarini ma’naviy-ahloqiy qadriyatlar, Vatanga sadoqat, xizmat va o‘qish burchiga sodiqlik asosida jamiyatning oliy ta’lim muassasasiga bo‘lgan talabi va ishonchini ifodalagan holda amalga oshiradilar. Xodim, talaba va doktorantlar o‘z o‘qish va xizmat burchlarini o‘zaro xayrixohlik, o‘z manfaatlari va mafkuraviy qarashlaridan qat’iy nazar lozim darajada bajaradilar.

8-modda. Adolat, halollik va xolislik prinsipi.

Institut xodim, talaba va doktorantlari o‘z xizmat va o‘qish faoliyatlarini amalga oshirishda adolatli, halol va xolis bo‘lishlari hamda oliy ta’lim muassasasiga, unga tegishli bo‘lgan saytlar va ijtimoiy tarmoqlarga murojaat qilgan barcha yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan ushbu prinsip talablari asosida munosabatda bo‘lishlari shart.

9-modda. Samaradorlik va tejamkorlik prinsipi.

Institut xodim, talaba va doktorantlari o‘z faoliyati samaradorligini innovasion texnologiyalarni tatbiq etish va boshqa yo‘llar bilan doimiy ravishda oshirib boradilar.

Institut xodim, talaba va doktorantlari, o‘z navbatida oliy ta’lim muassasasining mulkiga, o‘zining va boshqa shaxslarning vaqtiga mas’uliyat va ehtiyotkorlik bilan yondashadilar.

3-BOB. KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISH 10-modda. Korrupsiyaning har qanday shakl va ko‘rinishini qabul qilmaslik.

Institut xodim, talaba va doktorantlari korrupsiyaning har qanday shakli va ko‘rinishini qabul qilmaydilar va uning biror-bir tarzda namoyon bo‘lishiga qarshi hamjihatlikda qonuniy choralarni ko‘radilar.

Xodim, talaba va doktorantlar korrupsiyaga qarshi kurashishlari va uning profilaktikasiga faol ko‘maklashishlari, shuningdek, institut korrupsiyaga qarshi kurashish Dasturi va Namangan muhandislik-qurilish instituti xodim, talaba va doktorantlari tomonidan korrupsiyaviy huquqbuzarliklar sodir etishga og‘dirish maqsadida murojaat qilish holatlari haqida xabardor qilish to‘g‘risida Nizom talablarini so‘zsiz bajarishlari, o‘z faoliyatlarini oshkora va adolatli amalga oshirishlari, yuqori ahloqiy qadriyatlar va prinsiplarga sodiq qolgan holda qonun ustuvorligiga qat’iy rioya etishlari shart.

Institut xodimlari, talaba va doktorantlariga o‘z xizmat majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq holda jismoniy va yuridik shaxslardan biror-bir sovg‘a yoki ish jarayonida mehmondo‘stlikning belgilari, qarz, kafolatlar, kafilliklar, mukofotlar shaklida rag‘batlantirish vositalarini, naqd pul mablag‘lari yoki ularning ekvivalenti, qimmatli qog‘ozlar ko‘rinishida moddiy yordam qabul qilish ta’qiqlanadi.

Institut xodimlari, talaba va doktorantlariga ularning shaxsi bilan bog‘liq bayramlar (tug‘ilgan kun, bolaning tug‘ilishi, Vatan himoyachilari kuni, Xotin qizlar kuni) da berilgan, xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liq bo‘lmagan sovg‘alar xodimni shaxsi bilan bog‘liq sovg‘alar deb tan olinadi. Bunday sovg‘alarni berishda quyidagi talablarga rioya qilinishi lozim: sovg‘alar institut tarkibiy tuzilmalarining kamida uch nafar xodimlari ishtirokida berilishi, sovg‘a berish jarayoni tabrik nutq bilan birga bo‘lishi, unda sovg‘a berishga sabab bo‘lgan voqea o‘zining aniq ifodasini topgan bo‘lishi, sovg‘aning umumiy qiymati (barcha soliq va yig‘imlarni hisobga olgan holda) 5 (besh) baravar bazaviy hisoblash miqdoridan oshmasligi lozim.

4-BOB. XODIM, TALABA VA DOKTORANTLAR YURISH-TURISH VA RASMIY MULOQOTIGA OID TALABLAR

11-modda. Institutda kiyinish va tashqi ko‘rinishga oid qoidalar.

Institut xodim, talaba va doktorantlari o‘z o‘qish va kasbiga mos bo‘lgan 6

zamonaviy kiyimda bo‘lishlari lozim.
Institut xodimi, talabasi va doktoranti bo‘lgan xotin-qizlari diqqatni

tortadigan, xususan, tanani shaffof ko‘rsatib turadigan, yelka, ko‘krak va qorin, tizzadan yuqori qismlari ochiq qoladigan hamda haddan ziyod tor kiyimda, shuningdek, quloqchinlar, quloq va barmoqlardan tashqari tananing turli qismlariga turli zirak yoki metall buyumlar bilan, tanasining ko‘rinib turadigan qismida pirsing yoki tatuirovkada institutga kelishlari mumkin emas. Shuningdek, turli din va konfessiya, submadaniyatlarga mansub bo‘lgan libos, shu bilan birga sport kiyimi va poyabzallarida kelish ham taqiqlanadi. Institut xodimi, talabasi va doktoranti bo‘lgan xotin-qizlarga ortiqcha pardoz (makiyaj) qilishga va o‘zga millat vakillariga xos tarzda ro‘mol o‘rashga yo‘l qo‘yilmaydi. Ro'molni milliy mentalitetga xos tarzda boshni orqa tomonidan yuz va quloqni ochgan holda ooraladi.

Talaba-qizlar institutga och rangli va yorqin rangda bo‘lmagan bluzkalarda, tizzani yopib turadigan yubka yoki odmi kostyum va to‘q rangdagi poyabzalda kelishlari lozim, shuningdek, o‘zlari bilan zaruriy o‘quv vositalarini olib kelishlari shart.

Institut xodimi, talabasi va doktoranti bo‘lgan erkaklar oq, havorang, och jigar rang yoki och kulrang ko‘ylakda, klassik uslubdagi shim yoki odmi kostyum, galstukda va to‘q rangdagi poyabzalda kelishlari lozim. Bunda, talabalar o‘zlari bilan zaruriy o‘quv vositalarini olib kelishlari shart.

Xodim, talaba va doktorantlarning auditoriya va xizmat xonalarida ustki kiyim (plash, palto, kurtka, shapka, kepka, telpak kabilar)da yurishlari ta`qiqlanadi. Institut binolari va hovlisida, shuningdek, institut binolariga tutashgan va ulardan 500 metrdan kam bo‘lmagan hududda spirtli ichimliklar ichish va tamaki yoxud boshqa turdagi mahsulotlarni chekish hamda mast holda bo‘lish, tashqi ko‘rinishga va belgilangan etiket qoidalariga zid ravishda sochlari o‘sgan, to‘zg‘igan, soqoli olinmagan va kiyinish talabiga rioya qilmagan holda kelish

ta`qiqlanadi;
Xodimlar, talabalar va doktorantlarning tashqi qiyofasi va kiyimlari ozoda,

pokiza bo‘lishi lozim.

12-modda. Majlis va yig‘inlarda ishtirok etish

Institut xodimlari, talaba va doktorantlari turli tadbirlar (majlislar, tantanali yig‘ilishlar, uchrashuvlar, bayramlar)dagi ishtiroki jarayonida so‘zga chiquvchilarga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lishlari, tadbir davomida tinchlik va osoyishtalikni saqlashlari shart bo‘lib, raislik qiluvchi va moderatorning ruxsatisiz luqma tashlash va so‘zga chiqish mumkin emas. Zarurat tug‘ilganda nutqlar o‘rtasida raislik qiluvchi va moderatorning ruxsati bilan majlislar zalidan chiqib- kirish mumkin.

13-modda. Binolarda yurish-turish qoidalariga amal qilish

Binolarga kirish va chiqish joylarida, shuningdek, yo‘laklarda talabalar xodimlarni, erkaklar ayollarni, yoshlar esa kattalarni o‘zlaridan oldin o‘tkazib yuborishlari lozim.

Binoga kirayotgan har bir shaxs binolarga kirib-chiqishni nazorat qilish uchun tayinlangan mas’ul shaxs yoki navbatchiga o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni (xizmat yoki talabalik guvohnomasi, pasport va h.k.) ochiq holda ko‘rsatishlari yoki maxsus berilgan ID-karta orqali turniketlardan o‘tishlari shart.

Xodim, talaba va doktorantlar institut hududida yo‘lning o‘ng tomonidan yurishlari, shuningdek, yo‘lak, koridor va foyelarda mobil aloqa vositalari orqali baland ovozda gaplashmasliklari kerak. Bir-birlariga duch kelganda salomlashishlari, bunda: talabalar xodimlarga, yoshlar kattalarga birinchi bo‘lib salom berishlari tavsiya etiladi.

14-modda. Xodim, talaba va doktorantlarning rasmiy muloqot me’yorlari.

Institut xodim, talaba va doktorantlari tashkilot va muassasalar, ommaviy axborot vositalari hamda fuqarolar bilan o‘zaro munosabatga kirishganda quyidagi rasmiy muloqot me’yor va qoidalariga amal qilishlari kerak:

o‘z harakatlarini oliy ta’lim muassasasi manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirish, uning imidjini saqlash va oshirish, oliy ta’lim muassasasi, uning xodimlari, talabalari va doktorantlari nomi va manfaatlariga ziyon yetkazadigan harakatlarni amalga oshirmaslik, shuningdek, ular bilan muloqot qilganda hamda ijtimoiy tarmoqlardagi yozishmalarida o‘zlarining namunali xulq-atvori bilan oliy ta’lim muassasasi haqida yuksak ijobiy taassurot uyg‘otish;

Institut, uning xodim, talaba va doktorantlari haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan yoki noto‘g‘ri talqin qilingan, noto‘g‘ri talqin qilish uchun imkon beradigan ma’lumotlarni tarqatmaslik, bunday ma’lumotlar tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, jamoat oldida va ijtimoiy tarmoqlarda bu mavzuda chiqishlar qilmaslik;

xodim, talaba va doktorantlarning roziligisiz ularning shaxsiy hayotiga oid ma’lumotlarni oshkor qilmaslik;

xodim, talaba va doktorantlar haqida ularning kasbiy va o‘quv faoliyatiga oid bo‘lmagan ma’lumotlarni aniqlashtirmaslik;

xizmat axborotlarini taqdim etish qoidalariga amal qilish;

so‘ralgan axborotni yetarlilik (haddan tashqari qisqa shu bilan birga o‘ta keragidan ortiq) va ishonchlilik (qayta tekshirishni talab qilmaydigan) talablariga muvofiq holda taqdim etish;

o‘z xizmat vazifalarini bajarish jarayonida olingan ma’lumotlardan maqsadga muvofiq bo‘lmagan tarzda foydalanmaslik, shuningdek, ularni institut rahbariyati ruxsatisiz tarqatmaslik;
institutda xotin-qizlarga nisbatan yuksak hurmat va ehtirom ko‘rsatish; xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari hurmat qilish;
xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga

chek qo‘yish bo‘yicha birgalikda harakat qilish;
xodim, talaba va doktorantlarning ta’lim jarayonidagi faoliyati va kasbiy

harakatlarini asossiz tanqid qilmaslik, jamoat oldida chiqishlar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va turli xil ijtimoiy tarmoqlarda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari va institut faoliyati, uning xodimlari harakatlarini haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, asossiz va aniq dalillarga asoslanmagan holda muhokama qilmaslik va ular haqida baho berib, fikr-mulohazalar bildirmaslik.

15-modda. Ish va o‘qish vaqtiga rioya qilish

Xodim, talaba va doktorantlar dars mashg‘ulotlari va ishga o‘z vaqtida kelishlari, mehnat hamda o‘qish intizomiga rioya qilishlari shart.

16-modda. Institutda g‘ayriahloqiy va nojo‘ya xatti-harakatlarni sodir etishga yo‘l qo‘ymaslik.

Talaba va doktorantning o‘qishiga, xodimning esa institutda mehnat faoliyatini yuritishiga to‘sqinlik qiladigan quyidagi g‘ayriahloqiy va nojo‘ya xatti- harakatlarni sodir etishi qat’iyan taqiqlanadi:

har qanday huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir etish, jumladan, tuhmat qilish, haqoratlash;

giyohvand moddalar, psixotrop vositalar va ularning analoglari, alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish va tarqatish;

tinchlik yoki osoyishtalikka qarshi tajovuz qilish, janjallashish, qimor (internet qimor) va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar o‘ynash;

institutga moddiy va uning obro‘siga salbiy ta’sir etuvchi ma’naviy zarar yetkazish;

xodim, talaba va doktorantlarga jismoniy, ma’naviy yoki moddiy zarar yetkazish;

institut atrof-muhitini har qanday ko‘rinishda ifloslantirish;

institutga tegishli kompyuterlarda oliy ta’lim muassasasiga tegishli bo‘lmagan ma’lumotlarni, shuningdek, turli kinofilmlar, noqonuniy ma’lumotlar, behayo surat va filmlar, milliy, irqiy, etnik, diniy adovatni targ‘ib qiluvchi, ekstremistik, separatistik va fundamentalistik kayfiyatdagi har qanday materiallarni tayyorlash, ko‘rish, saqlash, tarqatish va ularga da’vat etish;

o‘quv mashg‘ulotlari va ishga hamda xodim va talabalarning osoyishtaligiga xalaqit beradigan xatti-harakatlar sodir etish (radiouzatgich, televizor, multimedia va ovoz chiqaruvchi moslamalardan maqsadsiz baland ovozda foydalanish);

umumbashariy va milliy qadriyatlarga xos bo‘lmagan yoki institut, uning xodimlari nufuziga putur yetkazadigan materiallarni Internet tarmog‘i va boshqa ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish yoki ulardan turli nomuvofiq maqsadlarda foydalanish;

Xodimlar, talabalar va doktorantlar tomonidan institut obro‘si, qadr-qimmati va nufuzini tushiradigan, ta’lim jarayonining ma’naviy buzilishiga olib keladigan agressiya, odamlarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan, zo‘rlash va vahshiylik, vandalizm, millatlararo nizo qo‘zg‘atadigan, diniy yo‘nalishdagi, terrorizm, ekstremizm, va fundamentalizm, shuningdek, behayo va ishqiy sahnalarni namoyon qiladigan fotosuratlar, video va audioyozuvlardan foydalanish va ularning tarqatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari va institut faoliyati, uning xodimlari hamda talabalari sha’ni va qadr qimmati hamda obro‘siga salbiy ta’sir qiluvchi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, asossiz va tekshirilgan dalillarga asoslanmagan turli xil ko‘rinishdagi ma’lumot, fikr, mulohaza va munosabatlarni internet, ijtimoiy tarmoqlar, shuningdek, boshqa ommaviy axborot manbalarida, tarqatuvchilarda, tashuvchilarda paydo bo‘lishi (oshkor etilishi) hamda shunday ma’lumotlarga ijobiy munosabat bildirish (“layk” bosish, repost qilish) mazkur talaba va doktorantning o‘qishiga, xodimning esa institutda mehnat faoliyatini yuritishiga to‘sqinlik qiladigan g‘ayriahloqiy va nojo‘ya xatti-harakat hisoblanadi.

5-BOB. INSTITUT RAHBARIYATINING ODOB-AHLOQQA OID MAJBURIYATLARI VA KASBIY FAOLIYATDA MANFAATLAR TO‘QNASHUVIGA YO‘L QO‘YMASLIKKA OID TARTIBLAR

17-modda. Rahbarning majburiyatlari.

Rahbariyat hamda tarkibiy bo‘linma rahbarlari (keyingi o‘rinlarda-rahbar) o‘ziga bo‘ysunuvchi xodimlarga nisbatan yuqori professionallik, xolislik, soflik va adolatda o‘rnak bo‘lishi, institut yoxud uning tarkibiy bo‘linmasida ijobiy, ma’naviy-psixologik muhit shakllanishiga ko‘maklashishi lozim. Rahbar bo‘ysunuvchi xodimlardan ularning xizmat vazifalari doirasidan chiquvchi topshiriqlarni bajarishini talab qilmasligi, shuningdek, qonunga xilof xatti- harakatlarni sodir etishga undamasligi kerak.

Rahbar o‘z faoliyatida:

kadrlarni qarindoshlik, hamshaharlik yoki shaxsiy sadoqat belgilari bo‘yicha tanlash va joy-joyiga qo‘yish va mehnat munosabatlarida kamsitish holatlariga yo‘l qo‘ymasligi;

guruhbozlik, mahalliychilik, favoritizmga, shuningdek, o‘z xizmat vazifalarini bajarish jarayonida boshqa salbiy omillarning kelib chiqishiga yo‘l qo‘ymasligi;

qo‘pollik qilmasligi, odamlarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitmasligi, ularga psixologik va jismoniy ta’sir ko‘rsatmasligi;

manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va ularni tartibga solish yuzasidan o‘z vaqtida chora-tadbirlar ko‘rishi;

korrupsiyaning oldini olish choralarini ko‘rishi;

xodimlarning kasbiy va intellektual jihatdan rivojlanishlari uchun qulay ish joyi, zamonaviy kompyuterlar, internet tarmog‘i, kutubxona fondi va axborot resurslaridan erkin foydalanishlari, hordiq chiqarishlari, dam olishlari, jismonan chiniqishlari uchun barcha sharoitlarni ichki imkoniyatlardan kelib chiqib yaratib berishi;

xodimlar faoliyatini samarali tashkil etib, o‘ziga ishonib topshirilgan mulkka va moliyaviy mablag‘larga ehtiyotkorlik va tejamkorlik bilan munosabatda bo‘lishi;

institutda xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka doir murosasizlik muhitini yaratish;

xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilinishini ta’minlash;

xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish, ularni aniqlash, ularga chek qo‘yish uchun samarali usullardan foydalanish;

xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik sodir etilishiga olib keladigan sabablar hamda shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko‘rish;

xodimlar va talabalar orasidan xotin-qizlarga nisbatan tazyiq o‘tkazish va zo‘ravonlik sodir etishga moyil shaxslarni aniqlash hamda ularning xulq-atvorini tuzatish choralarini ko‘rish;

xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishga vakolatli organlar hamda tashkilotlar bilan hamkorlik qilish shart.

Rahbar qo‘l ostidagi xodimlarning mehnat intizomiga rioya qilishlarini talab qilishi va uni ta’minlashga mas’uldir.

6-BOB. XODIM, TALABA VA DOKTORANTLARNING O‘ZARO MUNOSABATLARIGA OID TALABLAR

18-modda. Xodim, talaba va doktorantlarning o‘zaro munosabatlari.

Xodim, talaba va doktorantlarning o‘zaro munosabatlari milliy qadriyat va an’analar, yagona jamoaviy muhit, o‘zaro hurmat va e’tibor, do‘stlik, hamjihatlik, halollik va adolat tamoyillariga asoslanishi lozim.

Xodim, talaba va doktorantlarning o‘zaro munosabatlarida inson qadr- qimmatiga hurmatsizlik, shaxsiyatni kamsitish, o‘zganing intellektual mulkini o‘zlashtirib olish, qo‘pollik, behayo so‘zlar ishlatish, mushtlashish qat’iyan man etiladi.

Pedagog xodimlar tomonidan talabalarga nisbatan o‘quv va tarbiya jarayonidagi yuqori talabchanlik ularning shaxsini hurmat qilish bilan birgalikda amalga oshirilishi kerak.

19-modda. Pedagog xodim va talabalarning auditoriyadagi va undan tashqaridagi o‘zaro munosabatlari.

Pedagog xodim auditoriyaga kirganida, barcha talabalar o‘rinlaridan turib hurmatlarini bildirgan holda kutib olishlari, so‘ngra pedagog xodim salomlashib, o‘tirishga ruxsat bergach, o‘z joylarini egallashlari kerak. Pedagog xodim darsini tugatib, auditoriyadan chiqib ketayotganda ham talabalar o‘rinlaridan turib, kuzatib qo‘yishlari lozim. Pedagog xodim va talaba munosabatlari o‘zaro hurmat va hamkorlik tamoyillariga asoslanishi zarur.

Pedagog xodimlar o‘quv jarayoni va boshqa holatlarda ham talabalarning shaxsini hurmat qilishi, ular bilan munosabatda ochiqlik va xayrixohlik tamoyillariga amal qilish, talabalarga ta’lim berish jarayonida o‘z vazifalarini beg‘araz amalga oshirishi, talabaga munosabatda ularni kamsitish, qo‘pol so‘z ishlatish, o‘zini yuqori tutish va tanish-bilishchilik kabi yondashuv shakllarini mutlaqo qo‘llamaslik, ularga nisbatan doimo haqqoniy munosabatda va xolis bo‘lishlari shart.

Pedagog xodimlar talabalarga ularni qiziqtirgan fan yoki o‘quv kursiga oid masalalar yuzasidan dars jarayonidan tashqari vaqtlarda bergan savollariga ham ahloq me’yorlariga amal qilgan holda javob qaytarishlari va ularni fanga bo‘lgan qiziqish va ishtiyoqlarini oshirish choralarini ko‘rishlari zarur.

20-modda. Akademik ta’qib va tazyiqqa yo‘l qo‘yilmasligi.

Institut hayotida rahbariyat yoki pedagog xodim tomonidan talabalarni ularning roziligisiz muayyan ishlarga jalb etganlik, haq to‘lamasdan ularning mehnat kuchidan foydalanish (oliy ta’lim muassasasi va unga biriktirilgan boshqa hududda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan xavfsizlik standartlariga qat’iy rioya qilingan holda ixtiyoriy shanbalik va boshqa turdagi tadbirlar tashkil etilgan hollar bundan mustasno) maqsadida ularga murojaat etilganida, talabalar tomonidan bunday so‘rovga rad javobining berilishi pedagog xodim tomonidan kelgusida ularga dars mashg‘ulotida past baho qo‘yish yoki boshqa turdagi tazyiq va ta’qib (academic harassment) qilish bilan bog‘liq munosabat ko‘rsatilishiga imkon bermaydi va bunday ta’qib qattiq qoralanadi.

21-modda. Uyali aloqa vositalaridan foydalanish.

Dars mashg‘ulotlari vaqtida uyali aloqa vositalaridan foydalanish barcha uchun qat’iyan taqiqlanadi. Uyali aloqa vositalaridan foydalanishga zarur va uzrli holatlarda pedagog xodimning ruxsati bilangina ruxsat etilishi mumkin.

22-modda. Dars mashg‘ulotida ishtirok etish.

Talabalarning darsga kech qolib kelishlariga yo‘l qo‘yilmaydi, uzrli sababga ko‘ra darsga kech qolgan talaba uzr so‘rab, pedagog xodimning ijozati bilan auditoriyaga kirib o‘z joyini egallashi mumkin.

Pedagog xodim dars mashg‘ulotlariga o‘zining nojo‘ya harakatlari bilan xalaqit berayotgan talabani yuzaga kelgan vaziyat haqida fakultet dekanini (u o‘z o‘rnida bo‘lmaganda dekan o‘rinbosari yoki tyutor-guruh murabbiysini) xabardor qilgan holda darsdan chetlatishi mumkin.

23-modda. Dars mashg‘ulotidan tashqari vaqtda muloqot qilish.

Talaba uchun pedagog xodim bilan dars mashg‘ulotlaridan tashqari vaqtda muloqot qilish zarurati bo‘lsa, u holda muloqot:

maslahat soatlari, mustaqil ish yoki o‘zaro kelishuv bo‘yicha belgilangan vaqtda amalga oshirilishi mumkin;

talaba o‘zi muloqot qilmoqchi bo‘lgan pedagog xodimning lavozimi, ismi, otasining ismi va familiyasini bilishi maqsadga muvofiq.

Asoslangan jiddiy sabablar (qo‘pollik, tamagirlik, dars sifatining pastligi, pedagog xodimning aybi bilan mashg‘ulotlar o‘tkazilishidagi muntazam uzilish hollarini isbotlovchi dalillar va b.) hamda guruh (kurs)ning yakdil fikri mavjud bo‘lgan holatlarda talabalar pedagog xodimni almashtirish haqida iltimos bilan fakultet dekaniga murojaat qilishlari mumkin.

24-modda. Subordinasiya.

Rahbar xodimlarga xodim, talaba va doktorantlar tomonidan biron-bir masala yuzasidan vujudga kelgan holatlar bo‘yicha murojaat qilinishi muayyan tartib (subordinasiya tamoyili), ya’ni munosabat bildirishdagi rahbariyat bo‘g‘inlariga bosqichma-bosqich chiqish asosida tashkil etiladi. Institut rektoriga talabalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish holatlari bundan mustasno.

25-modda. Tashabbus va faollik.

Xodim, talaba va doktorantlarning institutda ma’naviy-ahloqiy muhitni yanada yaxshilash, ta’lim sifatini oshirish, innovasion g‘oyalardan samarali foydalanish, turli xil manfaatli tadbirlar uyushtirish bo‘yicha tashabbus va g‘oyalari rag‘batlantiriladi.

7-BOB. XODIM, TALABA VA DOKTORANTLARNING ODOB- AHLOQQA OID MAJBURIYATLARI

26-modda. Odob-ahloqqa oid majburiyatlar.

Institutga o‘qishga, ishga kirayotgan shaxslar mazkur Qoida bilan yozma ravishda (imzo chektirib) tanishtiriladilar.

Xodim, talaba va doktorantlar:
qonun hujjatlari va mazkur Qoida talablariga rioya etishga;

doimo yuksaklikka intilish, halollik va adolat bilan hayot kechirish kabi olijanob fazilatlarni chuqur anglashga;

odob-ahloqqa oid milliy an’analarimiz, urf-odat va qadriyatlarimizni hurmat qilishga;

o‘z ustilarida doimiy ravishda ishlash va qabul qilinayotgan qonun hujjatlarini muntazam ravishda o‘rganib borishga;

o‘z vazifalarini vijdonan, professional darajada amalga oshirishga;

institut obro‘-e’tibori va nufuziga dog‘ tushiradigan har qanday harakatlarni sodir etishdan o‘zini tiyishga;

institut to‘g‘risidagi axborotlardan uning manfaatlari va obro‘siga ziyon yetkazish maqsadida foydalanmaslikka;

institut mulkiga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish (ko‘char va ko‘chmas mulk, o‘simlik va hayvonot dunyosiga va b.), shu jumladan, xizmat vazifasini bajarish uchun berilgan moddiy texnika vositalaridan to‘g‘ri va tejamkorona foydalanishga;

elektr energiyasi va suvni tejamkorona ishlatishga;

biron-bir noxush voqea yoki hodisa ro‘y bersa, u haqda zudlik bilan institut rahbariyatiga xabar berishga;

belgilangan cheklovlar va taqiqlarga rioya qilish, o‘z vazifalarini og‘ishmay bajarishga, xodim, talaba va doktorantlarning shaxsiy va oilaviy muammolarini muhokama qilmaslikka, hech bir shaxs haqida jinsi, irqi, millati, tili, diniy e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi va lavozimi haqida hamda boshqa xususiyatlaridan qat’i nazar noto‘g‘ri fikr yuritmaslikka va uni kamsitmaslikka;

xodim, talaba va doktorantlar, shuningdek, boshqa shaxslar haqida turli ig‘vo, fitna, g‘iybat va bo‘htonlar uyushtirmaslikka va tarqatmaslikka;

institut obro‘si yoki nufuziga putur yetkazadigan nizoli vaziyatlarga yo‘l qo‘ymaslikka;

xodim, talaba va doktorantning mehnat va o‘quv jarayonidagi sa’y- harakatlariga qasddan ziyon yetkazmaslikka;

davlat organlari va mansabdor shaxslarning, shuningdek, institut rahbariyatining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan (bergan) qarorlarini (topshiriqlarini) o‘z vaqtida va sifatli bajarishga;

shaxsiy foydasi hamda o‘zgalar manfaatini ko‘zlab o‘z mavqeini suiiste’mol qilmaslikka;

haqiqatni gapirishga, rahbarlar va boshqa xodimlarni chalg‘itmaslikka; mutasaddi xodimlarning ruxsatisiz turli reklama vositalarini o‘rnatmaslikka; kasbiy faoliyati davomida o‘zlariga ma’lum bo‘lgan, ularning oshkor

etilganligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beriladigan 14

axborotning saqlanishi va maxfiyligini ta’minlash yuzasidan barcha choralarni ko‘rishga;

sog‘lom turmush tarzini yuritish va atrofdagilarning sog‘lig‘ini saqlashga g‘amxo‘rlik qilish, estetik va ekologik madaniyatning oshishiga ko‘maklashishga;

tanqidiy mulohazalarni bildirishga va ob’yektiv qaror qabul qilishga, o‘z xato va kamchiliklarini anglash va bartaraf etishga;

moddiy jihatdan yaxshi ta’minlanganligini turli yo‘llar bilan ataylab ko‘z- ko‘z qilmaslikka;

Axborot-resurs markazi xodimlari bilan xushmuomala bo‘lishga, kitoblar va jihozlarga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga, u yerda uyali aloqa vositalarini o‘chirib qo‘yish yoki ovozsiz rejimga qo‘yishga, baland ovozda so‘zlashmaslik va atrofdagilarga xalaqit bermaslikka, oziq-ovqat iste’mol qilmaslik, qog‘oz, saqich va boshqa chiqindilarni qoldirib ketmaslikka, kitoblarni olish va topshirish tartib- qoidalariga rioya qilishga;

sport majmuasiga sport kiyimi va poyabzalida kirishga;
sport inventarlariga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga; mashg‘ulotlardan keyin sport inventarlarini belgilangan joylarga qayta

topshirishga;
sport majmuasining belgilangan tartib-qoidalariga rioya qilishga;
institut auditoriyalari, binolari va binolarga tutashgan hududda tozalikni

saqlashga;
hududni ifloslantirmaslik, chiqindilarni joylarda qo‘yilgan maxsus qutilarga

tashlashga;
shaxsiy avtomobilni taqiqlangan joyda qoldirmaslik, yo‘l harakati qoidalarini

buzmaslik va mensimaslikka (beparvo bo‘lish), shuningdek, transport vositalaridan foydalanishda xavf-xatar yaratmaslikka;

ish (o‘qish)dan tashqari vaqtda umumiy qabul qilingan odob-ahloq normalariga rioya etishlari, g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslikka majbur.

27-modda. Odob-ahloqqa oid qo‘shimcha talablar. a) talabalar:

nutq madaniyatini doimiy takomillashtirib borishga;

talabalarning o‘z-o‘zini boshqarish tizimini faol qo‘llab-quvvatlash va mustahkamlash, ijodiy faoliyatni rivojlantirish va jamoaviy madaniyatni o‘stirishga;

pedagog xodim bilan boshqa talabalarning bahosini muhokama qilmaslikka;

yozma ishlarni himoya qilish va reyting nazoratiga doir tartib-qoidani bajarish vaqtida chetdan yordam olmaslik, o‘zgalarga yordam ko‘rsatmaslikka;

boshqa shaxslar tomonidan tayyorlangan topshiriqlar yoki yozma ishlarni o‘z nomidan topshirmaslikka;

mashg‘ulotlarni sababsiz o‘tkazib yubormaslikka va darslarga sababsiz kechikib kelmaslikka;

o‘quv mashg‘ulotlari vaqtida institut hududida behuda yurmaslikka;

dars mashg‘ulotlari o‘tilayotgan vaqtda fakultet dekanlari, magistratura bo‘limi boshlig‘ining ruxsatisiz institut hududidan ketib qolmaslikka;

xodim, talaba yoki doktorant bilan nizoli vaziyat yuzaga kelganda o‘z hissiyotlarini jilovlashga va mazkur vaziyatni ko‘rib chiqish bo‘yicha tegishli bo‘linma va xodimlarga (murabbiy (tyutor), dekan, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti, Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi) murojaat qilishga;

o‘quv jarayonida faol, e’tiborli bo‘lishga va pedagog xodimning ko‘rsatmalariga qat’iy rioya qilishga;

dars vaqtida gaplashmaslik hamda dars mashg‘ulotiga taalluqli bo‘lmagan ishlar bilan shug‘ullanmaslikka;

jihozlarga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, stol va stullarga yozmaslikka;

qog‘oz, saqich va boshqa keraksiz narsalarni auditoriyada qoldirib ketmaslikka;

mashg‘ulotlar davomida ovqatlanmaslik, saqich chaynamaslikka, shuningdek, shaxsiy kompyuter va boshqa kommunikasiya vositalaridan faqat pedagog xodim ruxsati bilan foydalanishga;

pedagog xodimga mashg‘ulotlar vaqtida savol yoki iltimos bilan qo‘l ko‘targan holda va ruxsat berilganidan so‘ng murojaat qilishga;

umumiy ovqatlanish joylarida taomlarga buyurtma berish va olishda navbat tartibiga hamda belgilangan talablar va karantin qoidalariga rioya qilishga;

Talabalar turar joyi Ichki tartib qoidasiga qat’iy rioya qilishga;

jamoat xavfsizlik manfaatlaridan kelib chiqib, imkon darajasida institutga jamoat transportida kelishga;

b) xodimlar:

o‘z xizmat joyidagi tartib-intizomga va institut ichki tartib qoidalariga rioya qilishga;

xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishidan himoyalanish huquqi;

o‘ziga nisbatan sodir bo‘layotgan tazyiq va zo‘ravonlik haqida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining (@himoya_otv_bot) himoya tarmog‘i orqali yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish;

ta’tildan oldin yoki mehnat shartnomasi bekor qilinganda o‘z xizmat joyini talabga javob beradigan holatda qoldirishga, o‘z zimmasidagi orgtexnika vositalari va boshqa materiallarni, o‘ziga topshirilgan, lekin hali yakunlanmagan vazifalarni boshqa shaxsga topshirmaslikka;

telefon orqali muloqot qilishda muomala madaniyati va axborot taqdim etish qoidasiga rioya qilishga (jumladan, suhbatni eng avval rasmiy tarzda salomlashishdan boshlab, so‘ng o‘z xizmat muassasasi, lavozimi hamda familiyasi, ismi, sharifini aytib, maqsadga o‘tish lozim, taqdim etilayotgan axborot maksimal qisqa, lo‘nda va aniq bo‘lishi kerak, so‘ralayotgan ma’lumot suhbat jarayonida izlanishi tufayli telefon tarmog‘ini band qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, zarurat bo‘lsa, qayta qo‘ng‘iroqni amalga oshirish mumkin);

yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga;

yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ularni ichkilikbozlik va giyohvandlik illatlaridan, boshqa turli halokatli tahdidlar hamda biz uchun yot bo‘lgan ekstremistik ta’sirlardan, “ommaviy madaniyat” xurujlaridan ogoh etib borishga;

ta’lim oluvchilarni ma’naviy-ahloqiy tarbiyalashda va ma’rifiy ishlarning samarali shakl hamda uslublarini ishlab chiqishga ko‘maklashishga;

o‘z xizmat vazifalarini vijdonan bajarishga shubha tug‘diradigan xatti- harakatlarni qilmaslikka, talabalar bilan o‘z hamkasblarini kasbiy va shaxsiy kamchiliklarini muhokama qilmaslikka;

talabalarni asossiz o‘quv mashg‘ulotlaridan chiqarib yubormaslikka, shuningdek, talabaga institut talabalari safidan chetlashtirish (kursdan kursga qoldirish) yoki talabaning majburan o‘qishdan voz kechishiga undash bilan qo‘rqitmaslikka, uning asossiz talabalar safidan chetlashtirilishiga (kursdan-kursga qoldirilishiga) olib kelmaslikka;

akademik guruhda (kursda) talabalar xulqining umumiy madaniy holati haqida fakultet dekanlariga kerak bo‘lgan hollarda ta’sir choralari ko‘rish lozimligi yuzasidan yozma ma’lumot taqdim etish kabi talablarni bajaradilar.

8-BOB. RAG‘BATLANTIRISH VA CHORA KO‘RISH TARTIBI 

28-modda. Xodim va talabalarni rag‘batlantirish.

O‘quv yili davomida mazkur Qoidaga to‘la rioya qilgan, institutda yuksak ma’naviy-ahloqiy muhitning yanada qaror topishi va mustahkamlanishiga o‘z hissasini qo‘shgan xodim va talabalar rahbariyat, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari va boshqa tarkibiy bo‘linma rahbarlari tavsiyasiga binoan belgilangan tartibda moddiy yoki ma’naviy rag‘batlantirilishlari mumkin.

29-modda. Qoidaga rioya qilishning attestasiya va boshqa jarayonlar uchun ahamiyati.

Xodimlar tomonidan mazkur qoidaga rioya etilishi attestasiyalar o‘tkazishda, yuqori va boshqa lavozimlarga tayinlash (karyeraviy o‘sish) uchun kadrlar zahirasini shakllantirishda hisobga olinadi.

30-modda. Qoidalarni buzganlik uchun javobgarlik.

Institut xodim, talaba va doktoranti tomonidan mazkur Qoidalarning buzilishi uni belgilangan tartibda javobgarlikka tortishga asos bo‘lib xizmat qiladi.

31-modda. Qoida va ichki tartib-qoidalarning o‘zaro munosabati.

Xodim, talaba va doktorantlar mazkur Qoidalarni buzganida, ularga nisbatan institut Ichki tartib qoidalarining tegishli bandlarida (Mehnat va o‘qish intizomini buzganlik uchun javobgarlik) qayd etilgan choralar qo‘llaniladi.

9-BOB. ODOB-AHLOQ KOMISSIYASI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH 32-modda. Odob-ahloq komissiyasi.

Mazkur Qoida normalarining xodim, talaba va doktorantlar tomonidan buzilishiga oid masalalar Odob-ahloq komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek, Odob-ahloq komissiyasi oliy ta’lim muassasasi rektorining ko‘rsatmasi bo‘yicha;

xizmat tekshiruvi natijalariga ko‘ra;
o‘z tashabbusi bilan;
oliy ta’lim muassasasi xodim, talaba va doktorantlaridan, shuningdek, oliy

ta’lim muassasasiga aloqa kanallari orqali kelib tushgan axborot asosida ham ushbu turdagi masalalarni ko‘rib chiqadi.

Odob-ahloq komissiyasi kamida 5 kishidan iborat tarkibda tuziladi. Odob- ahloq komissiyasining maqsadi, vazifalari, funksiyalari, huquqlari va uning faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq boshqa masalalar institut rektori tomonidan tasdiqlangan Odob-ahloq komissiyasi tomonidan belgilanadi.

33-modda. Odob-ahloq komissiyasi xulosasi.

Odob-ahloq qoidasining buzilishi holatlarini Odob-ahloq komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha intizomiy yoki boshqa tarzdagi qoida buzilishlarining mavjudligi (mavjud emasligi) to‘g‘risida xulosa chiqariladi. Ayni vaqtda institut rektoriga ko‘rib chiqishi uchun qoidabuzar xodim, talaba va doktorantni jazolash to‘g‘risida taklif kiritiladi. Yo‘l qo‘yilgan qoida buzilishining xususiyatini hisobga olgan holda Odob-ahloq komissiyasi xodim, talaba va doktorantga nisbatan Odob-ahloq qoidasining buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risidagi ogohlantirish bilan cheklanishi mumkin.

Odob-ahloq qoidasiga rioya etmagan xodim, talaba va doktorantni intizomiy javobgarlikka tortish bo‘yicha buyruq loyihasi fakultet dekanlari va magistratura bo‘limi (talabalarga nisbatan), kadrlar bo‘limi (xodimlar va doktorantlarga nisbatan) tomonidan tayyorlanadi.

Xodim, talaba va doktorantlar o‘zlari yo‘l qo‘ygan qoida buzilishi, qoida buzilishining ko‘rib chiqilishi jarayoni haqida axborotni olish va o‘zini himoya

qilish uchun dalillarni taqdim etish, shuningdek, institut qarorlari yuzasidan belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga egadirlar.

34-modda. Jamoatchilik nazorati.

Xodim, talaba yoki doktorantning xulq-atvori ustidan jamoatchilik nazoratini ta’minlash maqsadida, mazkur Qoidaga rioya etmaganlik holatlari Kasaba uyushmasi qo‘mitasi, Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashlari va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Namangan muhandislik-qurilish instituti boshlang‘ich tashkilotida ham muhokama qilinishi amaliyoti joriy etilishi mumkin.

10-BOB. YAKUNIY QOIDA

35-modda. Korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashish.

Institutni korrupsiyadan holi bo‘lgan xududga aylantirish maqsadida har bir xodim va talablar tomonidan korrupsiyaning harqanday ko‘rinishidagi harakatlar (harakatsizlik) sodir etmaslik shart va shunday harakatlar kelib chiqishi mumkin bo‘lgan hollarda har shahsini sir saqlagan holda ma’lumot va axborot berishga majbur.

36-modda. Qoidaning kuchga kirishi hamda unga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish.

Mazkur Qoida institut Kengashi tomonidan tasdiqlanganidan co‘ng kuchga kiradi va unga o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritish institut Kengashi qaroriga binoan amalga oshiriladi.