• Namangan shahri, Islom karimov ko'chasi, 12 uy
  • +998 (69) 234-14-30
post image

Namangan muhandislik-qurilish instituti rektori Sharifboy To‘lanovich Ergashevning Xalqaro talabalar kuni munosabati bilan TABRIGI

Assalomu alaykum hurmatli talabalar, aziz yoshlar!

Barchangizni 17 noyabr — Xalqaro talabalar kuni munosabati bilan o‘zimning nomimdan, qolaversa, Namangan muhandislik-qurilish institutining barcha professor-o‘qituvchilari nomidan qizg‘in tabriklayman!

Bugungi kunda institutimizda qariyb 10 ming nafar talaba tahsil olmoqda. Ular nafaqat Namangan, balki mamlakatimizniing deyarli barcha viloyatlari va Qoraqalpog‘iston respublikasidan kelishgan. Institut professor-o‘qituvchilari, yangi tashkil etilgan tizim vakillari — tyutorlar talabalarimiz a'lo darajada bilim olishlari, bo‘sh vaqtlarini ko‘ngilli o‘tkazishlari, turar-joy masalasida qiyinchiliklarga duch kelmasliklari uchun astoydil sa'y-harakat qilib kelmoqda.

Quvonchli tomoni shundaki, talabalarimiz ham ushbu sa'y-harakatlarga munosib javob qaytarmoqda. Qurilish fakulteti talabasi Muhammadyusuf Sotimboev institutning kirish qismiga o‘zi tayyorlagan quyosh panelli yoritgichlarni o‘rnatib, barchaning tahsiniga sazovor bo‘ldi. Shu fakultetning to‘rtinchi kurs talabasi Ahmadjon Muxtorjonov    “Yuragimdan o‘ting Vatanga” nomli she'riy to‘plamini muxlislarga taqdim etdi. Transport fakulteti talabasi Oyshaxon Qodirovaning “Bionika” nomli kitobi esa Germaniyada, "Lambert"    nashriyotida chop etildi. 

Yaqinda bo‘lib o‘tgan Hakaton innovatsion loyihalar tanlovida institutimiz talabalaridan iborat biryo‘la uch jamoa g‘olib va sovrindorlar qatoridan o‘rin oldi. Ikki nafar talabamizning ilmiy loyihalari viloyat hokimi bilan uchrashuvlarda ma'qullanib, ularni amalga oshirish uchun mahalliy byudjet hisobidan 110 million so‘m ajratildi. Iqtidorli talabamiz Gulmira Pardaevaning mahalliy xom ashyolardan suv istish qurilmalarini tayyorlash startap loyihasi    Namangan va Jizzaxda ishlab chiqarishga joriy etilmoqda. 

Ushbu bayram arafasida Janubiy Koreyadan xushxabar oldik. U yerda o‘q otish sporti bo‘yicha Osiyo chempionatida Iqtisodiyot va boshqaruv fakulteti uchinchi bosqich talabasi Muhammadjon Kamolov muvaffaqiyatli ishtirok etib, bronza medalini qo‘lga kiritdi. Talabalarimizdan iborat “Parvoz” voleybol jamoasi bo‘lsa Universiada bosqichlarida ketma-ket g‘alabalarni nishonlamoqda. 

Men ushbu oliy o‘quv yurti rektori sifatida sizlarning bunday yutuq va muvaffaiyatlaringiz bundan ham ko‘p bo‘lishi, ularni turli davralar va yig‘ilishlarda muntazam e'tirof etilishini tilab qolgan bo‘lardim. 

Sizlarni Xalqaro talabalar kuni bilan yana bir bor tabriklab, o‘qish va ishlaringizda omad, xonadonlaringizga tinchlik-omonlik, fayz-baraka tilayman. 

Bayramingiz bilan!

  • Share :