Devonxona: (69) 234-14-30

Qabulxona: (69) 234-15-23  


“Dastlabki ilmiy tadqiqot yozish” mavzusida ochiq dars tashkil etildi


2020 - yil 4-may kuni Namangan muhandislik-qurilish instituti Qurilish-texnologiya fakulteti "O‘zbek tili va adabiyoti" kafedrasi katta o‘qituvchisi D.Shermatova tomonidan Energetika va sanoatni axborotlashtirish fakulteti 56-EE(r)-20 guruhi talabalariga O‘zbek tilining sohada qo‘llanishi fanidan “ Dastlabki ilmiy tadqiqot yozish mavzusida ochiq dars tashkil etildi. Ushbu ochiq darsda fakultet dekani Texnika fanlari doktori Rustamjon Soliyev va dekanning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, Pedagogika fanlari bo’yicha falsafa doktori Jahongir Mannonovlar ishtirok etdilar. Ma’lumki, mamlakatimizda yoshlar va ularning ta’lim-tarbiyasi, ma’naviy va jismoniy barkamolligi, intellektual salohiyati va iqtidorining rivojlanishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Yoshlar-ertangi porloq kelajakning umidli nishonalari. Ularning taraqqiy etib borayotgan jamiyatimizda o‘rni beqiyosdir. Ayniqsa, o‘g‘il-qizlarning munosib kasb egallashlari, o‘z bilimlari samarasi sifatida ilmiy izlanishlar olib borishga va albatta, fan rivojiga hissa qo‘shishlari uchun imkoniyat eshiklari keng ochilgan. Ushbu ochiq darsdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham bakalavriat ta’limida tahsil olayotgan talabalarni ilm-fan sari intilishga yo‘naltirish, tanlangan mavzuga ilmiy faoliyat yuritishda dastlabki malaka va ko‘nikma hosil qilishga erishishdir. Bu borada esa eng avvalo, nimalarga asosiy e’tibor qaratish kerakligi tahlil etildi. Dars jarayonida bir qator zamonaviy pedogogik texnologiyalardan foydalanildi. Masalan, “Insert”,”Aqliy hujum”,”Munosabat” kabi usullar ommalashtirildi. Shuningdek, darsda mavzu tanlash, ilmiy tadqiqot olib borish usullari, tadqiqotchiga qo‘yiladigan talablar, ilmiy tadqiqotning tarkibiy qismlari, adabiyotlar bilan ishlash, o‘zidan oldingi xuddi shu kabi mavzulardagi ilmiy faoliyatni mukammal o‘rganish va saboq olish, kamchilik va yutuqlarini tahlil qilishni bilish, nihoyat, ma’lum yangilik kiritish bilan tanlangan mavzuning dolzarbligini oshirishda muhim omillar nimalardan iborat ekanligi tahlil etildi.
56-EE(r)-20 guruhining faol talabalari Mavritali Xo‘janazarov-telekommunikatsiya, Bahodir Umarov - energetika, Boburjon Sotvoldiyev va Dilshoda Abdulahadovalar - qurilish, qurilish-texnologiyalari, Obbosbek Asqarov- avtotransport, Azizbek Hoshimov – axborot texnologiyalari sohasida izlanayotgan tadqiqotchi sifatida maydonga keldilar va o‘z izlanishlarini keng jamoaga taqdim etdilar. Ular nutqlari orqali fikrlarini aniq va ravon tushuntirish bilan o‘zbek tilining imkoniyatlarini namoyish etdilar. O‘zbek tilining sohaga daxldorlik hissi shundaki, tadqiqotchi-talabalar turli atamalarni munosib ishlata oldilar. So’zlardan foydalanishda til imkoniyatlarini to’laqonli shakllantirishga harakat qildilar va tahliliy yondoshdilar. Taqdimot materiallari har bir soha tadqiqotchisining maqsadini ochib berdi. Dars tashkiliy jihatdan “COVID-19” talablariga amal qilingan tarzda o‘tkazildi. Ochiq darsda ishtirok etgan Energetika va sanoatni axborotlashtirish fakulteti dekani R.Soliyev dars yakunida ilm sari intilishning mashaqqatli mehnatlari, uning samarali natijalari, shaxs kamoloti va davlat rivojida, fan-texnika va ishlab chiqarishning o’sishidagi ahamiyatini o’z hayot tajribalari orqali tushuntirdi. Xususan, u mustaqil mamlakatimizda ilm sari intilayotganlarga yaratilayotgan sharoitlarni va undan vaqtni o’tkazmay har bir inson foydalanishi kerakligini aytib o’tdi. Oilada ota-onaning o’z farzandiga g’amxo’ligini, mehrini va ishonchini oqlashga undadi. Ochiq darsda ishtirok etgan Jaxongir Mannonov ham Ilm yo’lidagi yutuqlari bilan talabalarga ko’tarinkilik bag’ishladi. U o’quvchilarga mustahkam iroda va kuch-quvvat tilab, maslahatlar berdi. Dars o’qituvchi D.Shermatova tomonidan mustahkamlandi, vazifalar aytib o’tildi va yakunlandi.