• Namangan shahri, Islom karimov ko'chasi, 12 uy
  • +998 (69) 234-14-30
post image

Ta'lim kreditini ajratish tartibi

Ta'lim kreditlari ta'lim tashkilotlari bakalavr hamda magistraturaning kunduzgi, sirtqi va kechki ta'lim shaklida to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilgan yoki qabul qilingan, shuningdek o‘qishini ko‘chirgan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan talabalarga beriladi.

Bunda, kredit oluvchining doimiy daromad manbaiga ega oila a'zolari (ota-onasi, aka-ukasi, opa-singlisi, eri yoki xotini) yoki vasiylari birgalikda kredit oluvchi sifatida qatnashishi mumkin.

Ta'lim kreditining asosiy qarzi talabaning rasmiy o‘qish muddati tugagandan so‘ng yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi.

Ta'lim kreditini olish uchun quyidagi hujjatlar kerak bo‘ladi:

➖ ariza;

➖ to‘lov-kontrakt shartnomasi va unga ilova qilinadigan hisob varaqasi/fakturasi (mavjud bo‘lganda). Shartnomada o‘qishni tamomlashning belgilangan muddati va bir yil uchun to‘lov miqdori ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim;

➖ ta'lim krediti qaytarilishining ta'minoti bo‘yicha hujjat. Bunda “Ijtimoiy himoya yagona reestri”ga kirgan oilalarning farzandlariga ajratiladigan ta'lim krediti bo‘yicha garov va kafillik talab etilmaydi;

➖ “Ijtimoiy himoya yagona reestri”ga kiritilganligini tasdiqlovchi ma'lumotnoma (“Ijtimoiy himoya yagona reestri”ga kiritilgan oilalar farzandlari uchun);

➖ bankning ichki hujjatlarida belgilangan boshqa hujjatlar, shu jumladan, birgalikda kredit oluvchiga tegishli ma'lumot va hujjatlar.

Hujjatlar 5 ish kunida ko‘rib chiqiladi.

Ta'lim krediti shartnomasi to‘lov-kontrakt shartnomasida ko‘rsatilgan bir yillik to‘lov summasiga teng miqdordagi summaga tuziladi.

Ta'lim krediti kredit oluvchiga Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida ajratiladi.

Bunda, Markaziy bankning asosiy stavkasi pasaytirilgan taqdirda, ta'lim krediti bo‘yicha foiz stavkasi mutanosib ravishda pasayadi, Markaziy bankning asosiy stavkasi oshirilgan taqdirda esa ta'lim krediti bo‘yicha foiz stavkasi o‘zgarishsiz qoladi.

Mazkur tartib:

  • chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga;
  • tijorat banklari tomonidan Jamg‘arma mablag‘laridan tashqari boshqa manbalar hisobidan beriladigan ta'lim kreditlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktni va uning minimal miqdoriga teng bir martalik boshqa to‘lovlarni amalga oshirish uchun ta'lim krediti ajratilmaydi.

  • Share :